My image My image
My image My image
O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti
| Mathnet.uz | Math-Net.Ru | Mathscinet | Scopus.com |Web of Science | Publons.com | Ictp |
Manzil
100174, Toshkent shahri,
Olmazor tuman, Universitet
ko’chasi, 46-uy
Tel.: +99871-207-91-40
Fax: +99871-262-52-36
Web site: www.mathinst.uz
E-mail: uzbmath@umail.uz

Faoliyati davomida  institut matematika fanining rivojlanishida sezilarli xissa qo‘shdi, Respublika uchun  yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirayotgan  markaz bo‘lib shakllandi.  Institut jamoasining bosib o‘tgan yo‘li O‘zbekistonda matematika fanining rivojlanish jarayonini yaqqol ifodalaydi.

Dastlab institut O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarkibida hisoblash markaziga ega Matematika va mexanika instituti deb atalgan va unda matematikadan tashqari mexanika, nazariy geofizika, seysmologiya, hisoblash texnikasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan. Keyinchalik institutdan mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi, kibernetika, seysmologiya institutlari mustaqil institut sifatida ajralib chiqqan.

Turli davrlarda matematika Institutiga prof. N.N.Nazarov (1943-1947), prof. V.A.Djodjio (1947-1950), akademik V.I.Romanovskiy (1950-1952), akademik V.A.Bugayev (1952-1957), akad. S.X.Sirojiddinov (1957-1960 va 1962-1967), muxbir a’zo V.I.Gubin (1960-1962), akad. M.S.Saloxitdinov (1967-1985), akad. T.D.Jo‘rayev (1985-1992 va 1997-2003), prof. B.B.Rixsiyev (2003-2004) va akad. Sh.A.Ayupov (1992-1997 va 2004 yildan xozirgacha) rahbarlik qilishgan.

1954 yilda Institutga Toshkent matematika ilmiy maktabi asoschisi V.I.Romanovskiy nomi berilgan.

Institutning eng salmoqli  yutug‘i sifatida V.I.Romanovskiy, T.A.Sarimsoqov, S.X.Sirojiddinov M.S.Saloxitdinov, T.J.Jo‘rayevlarning sa’y-harakatlari bilan barpo etilib, dunyo matematika hamjamiyati tomonidan tan olingan funksional analiz va algebra, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika ilmiy maktablarini e’tirof etish mumkin. Bu maktablarni bugungi kunda akademiklar  Sh.A.Ayupov, A.Azamov, Sh.A.Alimov, Sh.K.Farmonov,  J.Xojiyevlar boshqarib kelishmoqda.

Institut olimlari O‘rta asrlarda matematikaning rivojlanish tarixini keng o‘rganishda samarali tadqiqotlar olib borishib, katta hissa qo‘shishgan (akademiklar S.X.Sirojiddinov, G.P.Matviyevskaya va boshqalar).

Institut xodimlarining ilmiy tadqiqotlari 5 marta O‘zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Shu jumladan, 2017 yilda institut direktori akademik Sh.A.Ayupov va uning shogirdlari – K.Kudayberganov (QQDU), B.Omirov (O‘zMU) va O‘.Roziqovlar (O‘zRFA MI) “Noassosiativ algebralar, differensiallashlar va nochiziqli dinamik sistemalar nazariyasini rivojlantirish” fundamental tadqiqotlari uchun  fan va texnika sohasi bo‘yicha birinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Akademik  M.S.Salohiddinov 2017 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

         2019 yilda Institut tayanch doktoranti J.A.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasiga, tayanch doktorant Sh.Shopo‘latov esa “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Akademik Sh.A.Ayupov va  professor O‘.A.Roziqov Jahon Fanlar akademiyasi (TWAS - The World Academy of Sciences) akademigi etib saylandi.

2017 yil O‘.A.Rozikov Springer-Nature nashriyoti tomonidan «Springer Nature top Author» sertifikat va statuey bilan taqdirlandi.

“Scopus Award-2019” tanlovida Sh.A.Ayupov «Top researcher in Natural sciences» (Tabiiy fanlar bo‘yicha yil tadqiqotchisi) deb e’tirof etildi.

2020 yilda prof. O‘.A.Roziqov Islom Xamkorlik tashkilotining “Eng yaxshi ilmiy maqola” nominasiyasi bo‘yicha Halqaro mukofotga sazovor bo‘ldi.

Dunyo universitetlar reytingida dastlabki 300 talikka kirgan universitetlarda PhD ilmiy darajasiga ega bo‘lgan institut xodimlaridan 2 nafariga OAK tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fan doktori (DSc) imliy darajalari berildi.

So‘nggi 5 yil davomida Institutda 19 nafar falsafa doktori (PhD) va 18 nafar fan doktori ( DSc) tayyorlandi.

Institut rivojiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi “Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4387-sonli qarori, hamda “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 7 maydagi PQ-4708-son qarorlari katta ta’sir ko‘rsatdi.

Ushbu qarorlar natijasida 2020 yil davomida institutning yangi binosi qurib bitkazildi va ilmiy takdqiqotlar olib borish uchun barcha  sharoitlar yaratildi.

 Davlatimiz rahbari 2020 yil yanvar oyida Respublika Oliy Majlisiga  Murojaatnomasida  yilni matematika, ximiya, biologiya va geologiya  fanlarini rivojlantirilish yili deb belgiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil12 iyun kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutiga tashrif buyurdi.

Prezidentimiz bu yerda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Yangi imoratda 8 ta ilmiy laboratoriya va “Yosh matematiklar” markazi faoliyat yuritadi. Binoning shinam qavatlarida axborot-resurs markazi va seminar xonalari, akademik va tadqiqotchilar uchun kabinetlar, kutubxona, majlislar zali, oshxona joylashgan. Xonalar eng ilg‘or texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

- Bu zamonaviy institut barcha olimlar uchun ma’rifat markazi bo‘lishi kerak. Matematika ko‘p fanlarga yo‘l ochadi. Uni Talabalar shaharchasida barpo etganimiz bejiz emas. Bu institut ta’lim va ilm-fan o‘rtasida uzviylikni ta’minlashi, mamlakatimiz rivojiga zamin yaratishi kerak, - degan edi Shavkat Mirziyoyev institutga tashrifi chog‘ida.

Davlatimiz rahbari 2020 yil 31 may kuni olimlar bilan uchrashuvda matematik ongni bog‘chadan boshlab shakllantirish zarurligini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Matematika institutida maktabgacha ta’lim, maktablar va oliy o‘quv yurtlaridagi darslarni muvofiqlashtiradigan tizim yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan Prezident Qarorlari natijasida olimlarimiz uchun yana quyidagi imkoniyatlar yaratildi:

-        2020 yilda Matematika institutiga ilmiy darajalar berishda mustaqillik berildi;

-        Institutning Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Buxoro, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlarida hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Hozirgi kunda, bu hududiy bo‘linmalarda 22 nafar fan doktori, ulardan 13 nafari o‘rindoshlik asosida, 22 nafar fan nomzodi, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), ulardan 11 nafari o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritmoqda;

-        Matematika fani va ta’limini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Hozirgi kunda Jamg‘arma faoliyati “Jamg‘arma Nizomi” asosida faoliyat yuritmoqda; Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga matematika yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar va tadqiqotchilar uchun akademik T.A. Sarimsoqov nomidagi stipendiya ta’sis etildi;

-        Institut tarkibida 5 ta shtat birligidan iborat Matematika ta’limini muvofiqlashtirish bo‘yicha laboratoriya tashkil etildi;

-   Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda “Matematika” yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kursining o‘quv dasturi va xalq ta’limi tizimidagi pedagog kadrlarni “Matematika fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish kurslari tajribaviy o‘quv dasturi” ishlab chiqildi;

-        O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti  va Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika universitetlari bilan hamkorlikda o‘quv rejalar takomillashtirildi va matematika fanlarining namunaviy fan(o‘quv) dasturlari ishlab chiqildi.