Manzil
100174, Toshkent shahri,
Olmazor tuman, Universitet
ko’chasi, 9-uy
Tel.: +99871-207-91-40
Fax: +99871-262-52-36
Web site: www.mathinst.uz
E-mail: uzbmath@umail.uz
|
Matematika instituti mini futbol jamoasi “AKADEMIADA 2022” sport musobaqalarining mini futbol bo‘yicha turniri g‘olibi. June 5, 2022, 5:06 p.m. Sarlavhadan matn mazmunini anglash mumkin bo‘lsa-da, bu yutuqqa qanday erishilgani haqida qisqacha ma'lumot berishga qaror qildik. Bu yilgi turnir avvalgilaridan farqli ravishda iyun oyida va yopiq kompleks, ya'ni Moliya institutining sport majmuasidagi futzal maydonida o‘tkazilgani bilan ajralib turdi. Avvallari bu turnir may oyida sun'iy maydonda yoki dekabr oyida futzal maydonida o‘tkazilar edi (2022 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati ham noan’anaviy vaqtda o‘tkazilishining bunga aloqasi yo‘q!). Oxirgi ikki yil pandemiya tufayli turnir o‘tkazilmadi. 2017 yilda Fanlar Akademiyasiga qaytgan institutimiz o‘zining qaytishini finaldagi alamli mag‘lubiyat (Botanika institutiga qarshi 4-3 hisobidagi o‘yin) bilan tugatgan edi. Keyingi ikki yilda chorak final biz uchun oxirgi manzil bo‘lgani holda bu yilgi qur'a oldidan aksariyat jamoalar institutimizni musobaqa g‘olibligiga asosiy da'vogarlardan hisoblaganini ta'kidlash joiz! Amalda bu taxmin o‘zini oqladi! Bu yilgi turnirda ishtirok uchun Fanlar Akademiyasi tarkibidagi 28 ta institut ariza berdi. Jamoalar soni odatiydan farq qilgani uchun musobaqani guruh bosqichidan emas, balki mag‘lubiyat jamoa uchun oxirgi o‘yin sifatida qabul qilinadigan (inglizchada “play off” deyisharmidi?) tizim tanlandi. Bunda qo‘shimcha 4 ta “bo‘sh jamoa” qolgan 28 jamoa bilan birgalikda qur'ada ishtirok etishi belgilab olindi. Ya'ni, raqiblikka “bo‘sh jamoa” tushgan 4 ta institut musobaqani 1/16 bosqichidan, qolganlar esa 1/32 bosqichdan boshlashi kerak edi. Qur'a natijasiga ko‘ra Matematika institutiga raqib topilmadi. Demak, biz nimchorak finaldan o‘yinni boshlaymiz. Nimchorak finalda Noorganik kimyo institutini penaltilar seriyasida mag‘lub etgan Energetika instituti (energetiklar) bizga raqiblik (aniqrog‘i, natijaga ko‘ra shunchaki maydonga chiqib berishdi!) qilishdi. Natija 9-1! Energetiklarning energiyasi tugab qoldi! Chorak finaldagi raqib Biorganika institutini yutgan O‘simlik moddalari kimyosi instituti. Hisob 5-1! Balki, kimyogarlarning “sehrli damlamasi” tugab qolgandir! Yarim finalda Astronomiya institutidagi fizik birodarlarimiz – “munajjimlar” bilan to‘qnashdik. O‘yin institutimizning yaqqol ustunligida o‘tgan bo‘lsa-da, yakuniy hisob atigi 1-0 bo‘ldi. Yarim finalga hos hisob! Lekin bunda ko‘kka sovurilgan ko‘plab imkoniyatlarimizni ham e'tirof etish kerak. Yarim final o‘yini barcha o‘yin ham oson yutilmasligidan hamda raqiblar ham borgan sari kuchayib borayotganidan darak berdi. Yarim finalning ikkinchi juftligi g‘olibi bo‘lgan Materialshunoslik instituti (ular oxirgi ikki turnir g‘oliblari - Yadro fizikasi instituti jamoasini yengishdi) finalda bizga qarshi o‘yinga chiqishdi. Finaldagi hayajon, institutga uzoq kutilgan g‘oliblikni olib kelish vazifasi mas’uliyati bahsning dastlabki daqiqalarida futzalchilarimizning o‘yinlarida sezilib turdi. Biroz bosimni o‘tkazib olgan yigitlar birin ketin raqib darvozasi oldida golli vaziyatlarni uyushtira boshlashdi. Birinchi bo‘limning o‘zida kamida yaqqol golli hujumlar soni 4-5 ta bo‘ldi. Raqiblar esa faqat fursat poylardi. Ikkinchi bo‘lim ham jamoamiz hujumlari bilan boshlandi. Lekin, asosiy voqea, ya'ni goldan darak yo‘q! Shu o‘rinda raqiblar kutgan fursatdan biri ularga taqdim qilingani va jamoani darvozabon juda qiyin vaziyatdan olib chiqqanini eslatib o‘tish joiz. Shundan keyin raqibga bunday imkoniyat boshqa berilmadi. Jamoamizning birinchi goli raqibni ko‘proq xato qilishga majbur qildi. Natijada xavfli hujumlarimiz soni ortib bordi. Ikkinchi gol ham uzoq kuttirmadi. Hisobdagi 2 ta farqli va o‘yin jihatidan yaqqol ustunlik futzalchilarimizga qolgan daqiqalarda erkin o‘ynash imkonini berdi. Hakamning final hushtagi yangraganda uzoq kutilgan chempionlikni institutga olib kelganini anglagan yigitlarning quvonchlarini bu yerda ifodalashga ojizman. Bu o‘rinda futbolda uzoq vaqt sovringa da'vogar hisoblanib kelgan va ishonchlarni oqlashga 10 yildan ortiq vaqtni sarflagan istalgan jamoaning g‘alabasini ko‘z oldingizga keltiring. Ana shunda aytmoqchi bo‘lganimiz kayfiyatni his qilsangiz ajab emas!
G‘olib futzalchilarimiz bilan tanishing: Sirojiddinov Abdulhamid (darvozabon), Anvarjonov Bunyod, Nazirov Madali, Xomidov Muhriddin, Hakimov Otabek, Jumaniyozov Doston, Xolboev Azamat, Sattarov Alloberdi, Murtazoev Misliddin, Qilichev Oybek.
Yana bir bor Matematika instituti ilmiy jamoasiga g‘alaba muborak!
O.N.Hakimov tayyorladi.
|