Ilmiy faoliyat

 Faoliyati davomida Institut matematika fanining rivojlanishida sezilarli hissa qo‘shdi, Respublika uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirayotgan markaz bo‘lib shakllandi. Institut jamoasining bosib o‘tgan yo‘li O‘zbekistonda matematika fanining rivojlanish jarayonini yaqqol ifodalaydi.

Dastlab institut Matematika va mexanika instituti nomi ostida matematikadan tashqari mexanika, nazariy geofizika, seysmologiya, hisoblash texnikasi bо‘yicha tadqiqotlar olib borgan. Keyinchalik institutdan mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi, kibernetika, seysmologiya institutlari mustaqil institut sifatida ajralib chiqqan.

Turli davrlarda Matematika institutiga prof. N.N.Nazarov (1943-1947), prof. V.A.Djodjio (1947-1950), akad. V.I.Romanovskiy (1950-1952), akad. V.A.Bugayev (1952-1957), akad. S.X.Sirojiddinov (1957-1960 va 1962-1967), muxbir a’zo V.I.Gubin (1960-1962), akad. M.S.Saloxitdinov (1967-1985), akad. T.J.Jо‘rayev (1985-1992 va 1997-2003), prof. B.B.Rixsiyev (2003-2004) va akad. Sh.A.Ayupov (1992-1997 va 2004-yildan hozirgacha) rahbarlik qilishgan.

1954-yilda institutga O‘zbekiston matematika ilmiy maktabi asoschisi V.I.Romanovskiy nomi berilgan.

Institutda dunyoga kelgan salmoqli ilmiy maktablar sifatida V.I.Romanovskiy, T.A.Sarimsoqov, S.X.Sirojiddinov, M.S.Saloxitdinov, T.J.Jо‘rayevlarning say-harakatlari bilan barpo etilib, dunyo matematika hamjamiyati tomonidan tan olingan ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika, funksional analiz va algebra, differensial tenglamalar kabi ilmiy maktablarini e’tirof etish mumkin. Ushbu ilmiy maktablar bugungi kunda akademiklar Sh.A.Ayupov, A.Azamov, Sh.A.Alimov, Sh.K.Formanov, J.Xojiyevlar rahbarliklarida o‘z faoliyatlarini davom ettirib kelishmoqda.

Institut olimlari turli davrlarda o‘zlarining samarali mehnatlari evaziga turli xil Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lishgan. Jumladan, Institut xodimlarining ilmiy tadqiqotlari 5 marta O‘zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Shu jumladan, 2017 yilda institut direktori akademik Sh.A.Ayupov va uning shogirdlari – K.Kudayberganov, B.Omirov va U.Rozikovlar  “Noassosiativ algebralar, differensiallashlar va nochiziqli dinamik sistemalar nazariyasini rivojlantirish” fundamental tadqiqotlari uchun fan va texnika sohasi bo‘yicha birinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Akademik M.S.Salohiddinov 2017 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 avgustdagi Farmoniga muvofiq Sh.A. Ayupovga “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilib, oliy nishon – “Oltin yulduz” medali topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq 2023-yilda akademik Abdulla Azamov “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoniga munosib ko‘rildi.

Institut tayanch doktorantlari J.A.Karimov (2018-yil), S.K.Shoyimardonov (2022-yil) Z.S.Boxonovlar (2023-yil) О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasiga, tayanch doktorant Sh.Shopо‘latov (2019-yil) esa “Mard о‘g‘lon” Davlat mukofotiga loyiq deb topildi.

Akademiklar Sh.A.Ayupov, U.A.Rozikovlar, professorlar B.A.Omirov va F.Muxamedovlar Jahon Fanlar akademiyasi (TWAS - The World Academy of Sciences) akademigi etib saylandi hamda 6 nafar matematiklarimiz TWASning yosh olimlar bo‘limi a’zosi bo‘lishdi.  2020-yilda prof. U.A.Rozikov Islom Hamkorlik tashkilotining “Eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyasi bо‘yicha Xalqaro mukofotga sazovor bо‘ldi.  Shuningdek, matematiklarimiz “Springer Nature Top Author” va “Scopus Award” tanlovida “Top researcher in Natural sciences” (Tabiiy fanlar bo‘yicha yil tadqiqotchisi) deb e’tirof etilgan.

Sо‘nggi 5 yil davomida institutda 50 nafardan ortiq falsafa doktori (PhD) va 25 nafardan ortiq fan doktorlari ( DSc) tayyorlandi.

Institut rivojiga О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi “Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qо‘llab-quvvatlash, shuningdek, О‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi PQ-4387-son qarori, hamda “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida” 2020-yil 7-maydagi PQ-4708-son qarorlari katta ta’sir kо‘rsatdi.

Ushbu qarorlar natijasida 2020-yil davomida institutning yangi binosi qurib bitkazildi, shuningdek, institutning Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Buxoro, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlarida hududiy bо‘linmalari tashkil etildi va ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun barcha sharoitlar yaratildi.

 Davlatimiz rahbari 2020 yil yanvar oyida Respublika Oliy Majlisiga Murojaatnomasida yilni matematika, ximiya, biologiya va geologiya fanlarini rivojlantirilish yili deb belgiladi.

     Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 12 iyun kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutiga tashrif buyurdi.

     Prezidentimiz bu yerda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Yangi imoratda 8 ta ilmiy laboratoriya va “Yosh matematiklar” markazi faoliyat yuritadi. Binoning shinam qavatlarida axborot-resurs markazi va seminar xonalari, akademik va tadqiqotchilar uchun kabinetlar, kutubxona, majlislar zali, oshxona joylashgan. Xonalar eng ilg‘or texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

     - “Bu zamonaviy institut barcha olimlar uchun ma’rifat markazi bo‘lishi kerak. Matematika ko‘p fanlarga yo‘l ochadi. Uni Talabalar shaharchasida barpo etganimiz bejiz emas. Bu institut ta’lim va ilm-fan o‘rtasida uzviylikni ta’minlashi, mamlakatimiz rivojiga zamin yaratishi kerak” - degan edi Shavkat Mirziyoyev institutga tashrifi chog‘ida.

     Davlatimiz rahbari 2020 yil 31 may kuni olimlar bilan uchrashuvda matematik ongni bog‘chadan boshlab shakllantirish zarurligini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Matematika institutida maktabgacha ta’lim, maktablar va oliy o‘quv yurtlaridagi darsliklarni muvofiqlashtiradigan tizim yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Institut tarkibida 5 ta shtat birligidan iborat Matematika ta’limini muvofiqlashtirish bo‘yicha laboratoriya tashkil etildi;

     Shuningdek, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan Prezident Qarorlari natijasida olimlarimiz uchun yana quyidagi imkoniyatlar yaratildi:

     - 2020 yilda Matematika institutiga ilmiy darajalar berishda mustaqillik berildi;

- Matematika fani va ta’limini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Hozirgi kunda Jamg‘arma faoliyati “Jamg‘arma Nizomi” asosida faoliyat yuritmoqda; Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga matematika yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar va tadqiqotchilar uchun akademik T.A. Sarimsoqov nomidagi stipendiya ta’sis etildi;