Akademik Shavkat Ayupov "Xalq diplomati" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

📅 14-Oktabr, 2025-yil 18:17

Yangilik rasmi

Akademik Shavkat Ayupov "Xalq diplomati" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

2022-yilda O‘zbekistonda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi Muvofiqlashtiruvchi Kengashi qaroriga asosan "Xalq diplomati" ko‘krak nishoni ta’sis etilgan edi. Mazkur nishon bilan SHHTga a’zo davlatlarda va mamlakatimizda o‘zaro ishonch, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida do‘stona hamkorlik muhitini yaratishga munosib hissa qo‘shgan shaxslar taqdirlanadi.
Kuni kecha ushbu mukofotning 2025-yilgi sovrindorlari e’lon qilindi. 
Mazkur mukofot bilan uzoq yillik samarali faoliyati, yosh mutaxassislarni qo'llab-quvvatlash va tarbiyalashdagi xizmatlari, xalqaro hamkorlik rivoji, mamlakatimiz imidjini yuksaltirishga qo'shgan hissasi uchun O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov ham taqdirlandi.

Bu e’tirof akademik Shavkat Ayupovning nafaqat ilmiy-innovatsion sohadagi, balki mamlakatlararo ilmiy-madaniy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari, tinimsiz izlanishlari, xalqaro do‘stona aloqalarni kengaytirishdagi faol ishtirokining yuksak bahosidir.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi jamoasi nomidan akademik Shavkat Ayupovni chin qalbdan tabriklaymiz! Yurtimiz ilm-fani, Fanlar akademiyasi rivojida kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va yangidan yangi zafarlar  tilaymiz!