Matematika o‘qituvchilari uchun “Qori Niyoziy izdoshlari” olimpiadasi o‘tkaziladi

📅 15-Oktabr, 2026-yil 21:54

Yangilik rasmi

Matematika fani o‘qituvchilari diqqatiga!

“Akademik Qori Niyoziy merosi” ilmiy-metodik markazi, V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti hamda Aniq va ijtimoiy fanlar universiteti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi maktablari va akademik litseylarida faoliyat yuritayotgan matematika fani o‘qituvchilari uchun an’anaviy “Qori Niyoziy izdoshlari” matematika olimpiadasi o‘tkaziladi.

Olimpiadaning umumiy mukofot jamg‘armasi 20 000 000 (yigirma million) so‘mni tashkil etadi.

Musobaqa ikki bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi saralash bosqichi

📅 2026-yil 1-noyabr

Birinchi bosqich onlayn test shaklida quyidagi platformada o‘tkaziladi:

🌐 https://olimpiada.aifu.uz/

Mazkur bosqichda ishtirokchilar maksimal 100 ball to‘plashlari mumkin.

Birinchi bosqichda 56 balldan yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilargina olimpiadaning ikkinchi — yakuniy bosqichida qatnashish huquqiga ega bo‘ladilar.

Ikkinchi — yakuniy bosqich

📅 2026-yil 8-noyabr
🕤 Soat 09:30
📍 Aniq va ijtimoiy fanlar universiteti

Yakuniy bosqich oflayn shaklda o‘tkaziladi.

Ishtirokchilarga 5 ta yozma masala taqdim etiladi. Har bir masala 10 ball bilan baholanadi va ikkinchi bosqichda maksimal 50 ball to‘plash mumkin.

Muhim: yakuniy natijalarni aniqlashda birinchi bosqichda olingan ballar ikkinchi bosqich natijalariga qo‘shilmaydi. G‘oliblar faqat yakuniy bosqichdagi natijalarga ko‘ra aniqlanadi.

Olimpiada matematika o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini namoyon etish, murakkab va ijodiy masalalarni yechish tajribasini oshirish hamda mamlakatimizdagi matematik ta’lim muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Barcha matematika fani o‘qituvchilarini olimpiadada faol ishtirok etishga taklif etamiz!