O‘zbekistonlik olimlar Qozog‘istondagi Birinchi matematiklar kongressida ishtirok etishdi
📅 8-Aprel, 2026-yil 11:34
2026-yilning 3–7-aprel kunlari Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida, M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti bazasida Qozog‘iston matematiklarining Birinchi kongressi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli xalqaro ilmiy anjumanda O‘zbekiston Respublikasining bir guruh yetakchi matematik olimlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Milliy universiteti, Fanlar akademiyasining Matematika instituti, Toshkent davlat transport universiteti, Samarqand va Termiz davlat universitetlarining taniqli professorlari o‘rin oldi. Xususan, M. Aripov, R. Ashurov, Yu. Apakov, D. Eshmamatova, A. Artikboyev, T. Yuldashev, B. Xo‘jayev, I. Mirzayev, B. Islomov va M. Mirsaburov kabi olimlar oltita xalqaro ilmiy konferensiya doirasida o‘z tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.
Hamkorlik istiqbollari Kongress davomida M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida strategik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi:
-
Erasmus+ dasturi doirasida yangi qo‘shma magistratura mutaxassisliklarini tashkil etish;
-
Talabalar va doktorantlar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
-
Scopus va Web of Science bazalaridagi xalqaro jurnallarda qo‘shma ilmiy maqolalar, monografiyalar va darsliklar nashr etish.