O‘zbekistonlik olima Xalqaro Matematika Ittifoqi qo‘mitasi a’zoligiga saylandi

📅 23-Iyul, 2026-yil 16:05

Yangilik rasmi

AQShning Nyu-York shahrida Xalqaro Matematika Ittifoqi (International Mathematical Union – IMU) Bosh Assambleyasining navbatdagi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning yetakchi matematiklari, milliy matematika jamiyatlari rahbarlari hamda IMU rahbariyati ishtirok etdi.

Mazkur nufuzli anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol qatnashdi. Xususan, Xorazm Ma’mun akademiyasi bosh ilmiy xodimi, professor Umida Baltayeva IMUning Rivojlanayotgan davlatlar qo‘mitasi (Committee for Developing Countries) a’zoligiga saylandi. Ushbu saylov O‘zbekiston matematiklari uchun muhim xalqaro e’tirof hisoblanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti laboratoriya mudiri, professor Ravshan Ashurov Bosh Assambleya doirasidagi muhokamalarda faol ishtirok etib, xorijiy hamkasblar bilan ilmiy va institutsional hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Mazkur yig‘ilishlar O‘zbekiston matematiklarining xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi nufuzini yanada mustahkamlash, yangi ilmiy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish hamda mamlakatimizning matematika sohasidagi salohiyatini xalqaro maydonda yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.