Akademik Abdulla Azamov Rossiyada o'tkazilgan nufuzli xalqaro konferensiyada ma'ruza qildi
📅 23-Iyul, 2026-yil 16:44
2026-yil 7–10-iyul kunlari Rossiya Fanlar akademiyasining V.A. Steklov nomidagi Matematika institutida akademik Yuriy Sergeyevich Osipov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan "Dinamik sistemalar: teskari masalalar, turg‘unlik va boshqaruv jarayonlari" mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti akademigi Abdulla Azamov taklif etilgan ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. U konferensiyada "Альтернированный интеграл Понтрягина – как математический феномен" mavzusida ma’ruza qildi. Anjuman dasturidan o‘rin olgan barcha ma’ruzalar 45 daqiqalik plenar ma’ruzalar formatida tashkil etildi.
Ilmiy safar davomida konferensiya ishtirokchilari bilan optimal boshqaruv nazariyasining dolzarb masalalari va ularning amaliy tatbiqlari yuzasidan fikr almashildi hamda ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, V.A. Steklov nomidagi Matematika instituti direktori D.V. Treshev hamda Moskva davlat universiteti Dinamik sistemalar kafedrasi mudiri, Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi A.A. Davidov bilan 2027-yilda Toshkent shahrida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Mazkur uchrashuvlar xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston matematiklarining xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi faolligini mustahkamlashga xizmat qiladi.