V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutida Qozog‘iston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi M.A. Sadibekov ishtirokida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi

📅 5-Avgust, 2026-yil 11:45

Yangilik rasmi

2026-yil 5-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutida o‘tkazilayotgan "Matematik fizikaning zamonaviy muammolari va ularning tatbiqlari" mavzusidagi ilmiy seminar doirasida Qozog‘iston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Matematika va Matematik Modellashtirish instituti bosh ilmiy xodimi, professor M.A. Sadibekov ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Seminar davomida professor M.A. Sadibekov Qozog‘istonning Matematika va Matematik Modellashtirish instituti faoliyati, unda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, u yosh tadqiqotchilar bilan zamonaviy ilmiy izlanishlarni tashkil etish, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish, ilmiy maqolalar tayyorlash va akademik faoliyatni rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘z tajribasi hamda qimmatli tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Seminar yakunida ishtirokchilar professor M.A. Sadibekov bilan ilmiy hamkorlik istiqbollari, matematik fizikaning dolzarb yo‘nalishlari hamda kelgusidagi qo‘shma tadqiqotlar yuzasidan fikr almashdilar.

Mazkur seminar ilmiy tajriba almashish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan muhim ilmiy muloqot maydoni bo‘ldi.