Tayanch doktorantura izlanuvchilari uchun nomli stipendiyalar tanloviga hujjatlar qabul qilinmoqda

📅 18-Sentabr, 2026-yil 14:32

Yangilik rasmi

Tayanch doktorantura izlanuvchilari uchun nomli stipendiyalar tanloviga hujjatlar qabul qilinmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlarda tahsil olayotgan tayanch doktorantura izlanuvchilari uchun nomli stipendiyalar tanloviga hujjatlar qabul qilish boshlandi.

Tanlov quyidagi nomli stipendiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:

  • fizika-matematika va texnika fanlari yo‘nalishi bo‘yicha — akademik Sa’di Sirojiddinov nomidagi stipendiya;
  • kimyo-biologiya va tibbiyot fanlari yo‘nalishi bo‘yicha — akademik Obid Sodiqov nomidagi stipendiya;
  • ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishi bo‘yicha — akademik Yahyo G‘ulomov nomidagi stipendiya.

Arizalar 2026-yil 21-sentabrdan 21-oktabrgacha talabgor tahsil olayotgan Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotning rasmiy xati asosida qabul qilinadi.

Tanlovda tayanch doktoranturaning birinchi va ikkinchi bosqichlarida tahsil olayotgan hamda tegishli bosqichni 2026-yilda yakunlaydigan izlanuvchilar ishtirok etishi mumkin.

Tayanch doktoranturadan chetlashtirilgan yoki ta’lim olish jarayoni qonunchilikka muvofiq vaqtincha to‘xtatilgan shaxslar tanlovda ishtirok eta olmaydi.

Talabgor taqdim etadigan hujjatlar

Talabgorning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • tayanch doktoranturaga qabul qilinganligi, ixtisosligi, dissertatsiya mavzusi va ilmiy rahbari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • dissertatsiya mavzusi, tadqiqotning dolzarbligi, ilmiy yangiligi, ilmiy ahamiyati, asosiy natijalari va bajarilish holati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot;
  • dissertatsiya mavzusi bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy ishlar va boshqa ilmiy natijalar ro‘yxati hamda ularning nusxalari;
  • intellektual mulk obyektlari, ilmiy ishlanmalar, joriy etish natijalari, ilmiy loyihalar va grantlar, mukofotlar hamda boshqa ilmiy yutuqlar ro‘yxati va ularni tasdiqlovchi hujjatlar;
  • talabgorning ilmiy faoliyati, shaxsiy hissasi va dissertatsiya ishining bajarilish holati to‘g‘risida ilmiy rahbar xulosasi.

Arizalarni qabul qilish muddati tugaganidan keyin erishilgan yangi ilmiy natijalar arizalarni ko‘rib chiqish va baholash jarayonida hisobga olinmaydi.

Hujjatlarni ko‘rib chiqish tartibi

Talabgorning arizasi dastlab u tahsil olayotgan tashkilotning ilmiy kengashida quyidagi masalalar yuzasidan ko‘rib chiqiladi:

  • hujjatlarning to‘liqligi;
  • talabgorning tayanch doktorantura izlanuvchisi maqomi;
  • dissertatsiya mavzusining tegishli fan yo‘nalishiga muvofiqligi;
  • yakka tartibdagi rejaning bajarilish holati.

Ilmiy kengash qaroridan ko‘chirma ilmiy kengash qarori bilan tasdiqlangan yakka tartibdagi rejaning bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumot bilan birga rasmiylashtiriladi.

Ilmiy kengash kotibi talabgorni tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya qilish to‘g‘risidagi qarordan ko‘chirmani arizaga ilova qiladi. Shundan so‘ng ariza, unga ilova qilingan hujjatlar hamda ilmiy kengash qaroridan ko‘chirma tashkilot rahbarining rasmiy xati bilan Fanlar akademiyasiga yuboriladi.

Eslatma

Har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha nomli stipendiya tayanch doktoranturaning ikkinchi yoki uchinchi bosqichida tahsil olayotgan 5 nafar izlanuvchiga tayinlanadi.

Nomli stipendiya har bir stipendiatga 12 oy muddatga, har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida to‘lanadi.

Murojaat uchun

Tanlov bilan bog‘liq masalalar yuzasidan Fanlar akademiyasining tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘limlariga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilish mumkin:

Fizika-matematika va texnika fanlari yo‘nalishi:
71 233-68-95

Kimyo-biologiya fanlari yo‘nalishi:
71 233-47-91

Ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishi:
71 233-38-02

Ilmiy kadrlar bo‘limi:
71 236-77-07