Professor Zuxriddin Jamolov xotirasiga bag‘ishlangan uchrashuv
📅 7-Oktabr, 2026-yil 23:58
2026-yil 7-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutida professor Zuxriddin Jamolov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv “Hisoblash matematikasi” laboratoriyasi qoshidagi “Hisoblash matematikasi va uning tatbiqlari” ilmiy seminari doirasida tashkil etildi. Tadbir olimning hayot yo‘li, ilmiy faoliyati va hisoblash matematikasi rivojiga qo‘shgan hissasini yod etishga bag‘ishlandi.
Zuxriddin Jamolov akademik S. L. Sobolev rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Uning tadqiqotlarida optimal kvadratur formulalar hamda differensial operatorlarning diskret analoglarini qurish masalalari o‘rin olgan. Bu yo‘nalishdagi ishlariga keyingi ilmiy tadqiqotlarda ham murojaat qilinadi.
Olim 1980–1993-yillarda Toshkent davlat universiteti — hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “Hisoblash matematikasi” kafedrasiga rahbarlik qilgan.
Uning faoliyatida yosh tadqiqotchilarga ilmiy yo‘l ko‘rsatish ham muhim o‘rin tutgan. Jumladan, X. M. Shadimetov aspiranturada tahsil ola boshlagan davrda G. N. Salixov bilan birga unga ilmiy rahbarlik qilgan.
Ustozning ilmiy ishlari va shogirdlar tarbiyasidagi mehnatini hurmat bilan yod etamiz.

