Matematika instituti va Jilin universiteti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi

📅 16-Oktabr, 2026-yil 19:00

Yangilik rasmi

2026-yil 16-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutida Xitoy Xalq Respublikasining Jilin universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv Matematika instituti va Jilin universiteti o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni rivojlantirish, tadqiqotchilar o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda ikki tomon uchun istiqbolli bo‘lgan ilmiy yo‘nalishlarni belgilashga bag‘ishlandi.

Tashrif doirasida V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti va Jilin universiteti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki muassasa o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va akademik aloqalarni kengaytirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Muloqot davomida Matematika institutining laboratoriya mudirlari va olimlari Jilin universiteti vakillari bilan qator ilmiy masalalarni muhokama qildilar. Xususan, tomonlar:

  • olimlar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish;
  • o‘zaro tajriba va ilmiy natijalar almashinuvini rivojlantirish;
  • qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish;
  • ikki muassasa olimlari ishtirokida seminarlar, workshoplar va boshqa ilmiy tadbirlarni tashkil etish;
  • istiqbolli ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish

masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv davomida kelgusida hamkorlikni izchil davom ettirish va ikki tomonlama ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

Jilin universiteti delegatsiyasi tarkibida Peiqing Lv, Yunhe Sheng, Benxi Zhu, Xinyue Cao, Xiaosong Sun va Changyu Ren ishtirok etdilar.

Mazkur uchrashuv va imzolangan memorandum Matematika institutining xalqaro ilmiy hamkorlik geografiyasini kengaytirish, xorijiy ilmiy markazlar bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish hamda yangi qo‘shma tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir.