Professor Abror Xudoyberdiyev Qoraqalpog‘iston davlat universiteti yoshlari uchun onlayn ma’ruza qildi
📅 20-Oktabr, 2026-yil 12:05
2026-yil 20-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktor o‘rinbosari, professor Abror Xudoyberdiyev Qoraqalpog‘iston davlat universiteti talabalari va yosh tadqiqotchilari uchun “Zamonaviy algebra va uning tatbiqlari” mavzusida onlayn ilmiy ma’ruza qildi.
Uchrashuv yoshlarni ilmiy tashkilotlar faoliyati, matematik tadqiqotlarning mazmuni va zamonaviy algebrada izlanish olib borish imkoniyatlari bilan tanishtirishga bag‘ishlandi.
Fanlar akademiyasi va Matematika instituti faoliyati
Ma’ruzaning dastlabki qismida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining faoliyati, mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishdagi o‘rni hamda ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutining tashkil topishi, ilmiy faoliyati va asosiy tadqiqot yo‘nalishlari yoritildi. Talaba va yosh tadqiqotchilar institutning matematika fanini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi bilan tanishtirildi.
Algebraik strukturalar va ularning nazariy xususiyatlari
Ma’ruzaning asosiy qismi zamonaviy matematikaning dolzarb muammolari, xususan, algebra sohasidagi istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarga bag‘ishlandi. Algebraik strukturalarning nazariy xususiyatlari, yangi matematik natijalarga erishish yo‘llari hamda algebra fanining boshqa sohalar va amaliy masalalar bilan bog‘liqligi haqida tushunchalar berildi.
Taqdimotda algebraning quyi markaziy va hosilaviy qatorlari, nilpotent va yechiluvchan algebralar, nilradikal hamda radikal tushunchalari bayon etildi. Ushbu tushunchalar algebraik strukturalarning tuzilishini o‘rganishga oid masalalar doirasida ko‘rib chiqildi.
Zamonaviy algebradagi dolzarb tadqiqot yo‘nalishlari
Ma’ruzada cheksiz o‘lchamli noassotsiativ algebralar va superalgebralarni o‘rganish, algebralarning umumlashgan differensiallashlarini tasniflash hamda ular orqali algebralarning tuzilishini aniqlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Ikki va undan ortiq ko‘paytma bilan berilgan algebralar, Puasson va Puasson tipidagi algebralarni tasniflash masalalari ham tilga olindi. Shuningdek, Rota–Baxter operatorlarini aniqlash va ular yordamida algebralarning xossalarini o‘rganish yo‘nalishi ko‘rsatildi.
Algebralarning tasvirlari nazariyasini rivojlantirish, Lie affgebralarining muhim sinflarini tasniflash, dialgebralar nazariyasi, pre-Lie va anti-pre-Lie algebralarini tadqiq etish zamonaviy algebraning dolzarb masalalari qatorida taqdim etildi.
Yoshlarni ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish
Uchrashuv davomida talaba va yosh tadqiqotchilarga zamonaviy matematik tadqiqotlarning ahamiyati, ilmiy izlanish olib borish imkoniyatlari hamda algebra sohasida yangi natijalarga erishish istiqbollari haqida ma’lumot berildi.
Mazkur onlayn ma’ruza yoshlarni zamonaviy matematikaning tadqiqot yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishtirish, ularning ilmiy izlanishlarga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash hamda oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qildi.


