Qozog‘istonda matematiklar kongressi: O‘zbekistonlik olimlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlamoqda

📅 8-Aprel, 2026-yil 12:05

Yangilik rasmi

2026-yilning 3–7-aprel kunlari Qozog‘istonning Chimkent shahrida Qozog‘iston matematiklarining Birinchi kongressi yuksak saviyada o‘tkazildi. Mazkur yirik ilmiy anjuman doirasida 6 ta xalqaro konferensiya tashkil etilib, ulardan biri “Inverse and Ill-Posed Problems: Theory, Applications and AI” mavzusiga bag‘ishlandi.

Kongressda Rossiya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Vengriya, Belgiya, Xitoy va Turkiya kabi davlatlardan yetakchi olimlar ishtirok etishdi. Anjuman doirasida taniqli olim, akademik T.Kalmenovning 80 yoshlik yubileyi ham keng nishonlandi.

Ilmiy ma’ruzalar va natijalar: Plenar va sho‘ba majlislarida dunyo miqyosidagi matematiklar — akademiklar M.Otelbaev, T.Kalmenov, professorlar Ch.Ashyraliev (Turkiya), S.Kabanikhin, A.Pskhu (Rossiya), M.Rujanskiy (Belgiya), I.Felde (Vengriya), E.Azizbekov (Ozarbayjon) va K.Khompysh (Qozog‘iston) o‘zlarining eng so‘nggi tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Matematika instituti “Differensial tenglamalar va ularning tatbiqlari” laboratoriyasi mudiri, professor Ravshan Ashurov ishtirok etdi. U Tokio universiteti professori M.Yamamoto bilan hamkorlikda tayyorlangan “Uniqueness for an inverse problem of determining order and temporal factor of the source for subdiffusion equation” mavzusida ma’ruza qilib, subdiffuziya tenglamalari sohasidagi muhim ilmiy yechimlarni bayon etdi.