Institutda shaxmat bo‘yicha shiddatli bahslar: Samandar Babayev chempionlik unvonini himoya qildi
📅 8-Aprel, 2026-yil 14:11
Institut xodimlari o‘rtasida sportning shaxmat turi bo‘yicha navbatdagi musobaqa o‘tkazildi. Ishtirokchilar 6 kishilik ikki guruhga ajratilgan holda, o‘zaro aylanma tizimda kuch sinashdilar.
Musobaqa jarayoni: A guruhida yuqori natija ko‘rsatgan Gulmurod Urazmatov (5 ochko), Samandar Babayev (4 ochko), Muhriddin Homidov (4 ochko) va Davrbek Oltiboyev (3.5 ochko) yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Yarim finalda kutilmagan natija qayd etildi: guruh bosqichida mutloq yetakchilik qilgan G.Urazmatov yarim finalda D.Oltiboyevga imkoniyatni boy berdi. Ikkinchi juftlikda esa S.Babayev o‘z tajribasini namoyish etib, finalga yo‘l oldi.
Final bahsi o‘ta murosasiz kechdi. D.Oltiboyevning munosib qarshiligiga qaramay, Samandar Babayev g‘alaba qozonib, institut chempioni unvonini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Master-klass va ruhiy tayyorgarlik: Turnir doirasida professor R.R.Ashurov tomonidan o‘tkazilgan master-klass barchaning diqqat markazida bo‘ldi. Ustoz bilan dona surgan M.Homidov mahorat darsidan so‘ng o‘z o‘yinidagi ustunlikni boy berib qo‘ydi, bu esa shaxmatda ruhiy holat naqadar muhimligini yana bir bor isbotladi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.