Buxoro davlat universitetida akademik O‘tkir Roziqov bilan ilmiy uchrashuv o‘tkazildi
📅 9-Sentabr, 2026-yil 10:42
Buxoro davlat universiteti Aniq fanlar va intellektual muhandislik texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti talabalari bilan akademik O‘tkir Roziqov ishtirokida ilmiy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida Buxoro davlat universiteti Differensial tenglamalar kafedrasi professori, V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti Buxoro bo‘linmasi boshlig‘i Durdimurod Durdiyevga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Shundan so‘ng akademik O‘tkir Roziqov “Matematikaning zamonaviy tibbiyotdagi o‘rni” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada matematika va zamonaviy tibbiyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, matematik yondashuv va usullarning tibbiy jarayonlarni o‘rganishdagi o‘rni hamda zamonaviy ilmiy tadqiqotlardagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Uchrashuv davomida talabalar akademik bilan bevosita muloqot qilib, matematika fanining amaliy imkoniyatlari, uning boshqa fanlar bilan integratsiyasi hamda ilmiy izlanishlarga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mazkur uchrashuv talaba-yoshlarning matematika va zamonaviy ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish hamda taniqli olimlarning ilmiy tajribasi bilan yaqindan tanishtirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
